16 июня 2014

GO’ZAL BEGIM IJODIDA BAXT TASVIRI (Kecha baxt qarshisida … she’ri misolida)





                                                                                         Anvar Allambergenov
                                                                      Berdaq nomidagi QDU talabasi

            Odam ato zamonidan beri baxtga talpinish, unga intilish baxt qasrini bunyod etish, baxt ummonida suzish, umuman olganda baxt qurshovida yashash insoniyatning orzular ro’yxatidagi birinchi pog’onani egallagan. Hammamiz ham baxtli bo’lish uchun tug’ilamiz, hammamiz ham baxtli bo’lishga haqlimiz. Baxt haqidagi fikrlarimizni modernistik yo’nalishning peshqadam vakillaridan biri shoira Go’zal Begimning quyidagi she’ri bilan davom ettiramiz.
***
Kecha baxt qarshisida
Bugun so’l yonida o’tirdim
 Ertaga o’ng yoniga olar meni baxt
G’iyqillab ochilar daraxt eshigi
Dilimdan ushlaydi shabnamnafaslar
Baxt horg’in, judayam horg’in
Tikilib qaraydi shovqingullarga

           Bir o’qishda tushinish qiyinday tuyilgan bu misralarni qayta-qayta o’qish yordamida tub zamirida nima yashirin ekanini anglaysan kishi. “Kecha baxt qarshisida” she’rning birinchi misrasi shunday boshlanadi,   xo’sh,  kecha qachon u kecha, baxt qarshisida qanday baxt qarshisida, hayotga kelganimizdanoq baxt bizni qarshilayotgan bo’ladi. Unga yo’l topish esa   o’zimizning qo’limizda, shunday ekan kecha- biz tug’ilganimizdanoq, baxt qarshisi- baxt mayoq qay tarafdan qaramaylik u bizning qarshimizdadek emasmi.
          “Bugun so’l yoniga olar meni baxt” Orzu, umid, ishonch, harakat, intilish, izlanishlar yordamida baxtga yaqinlashyapman. Bugun-bugungi kunimiz yuqoridagi harakatlarimiz tufayli unga oz bo’lsada yaqinlashdik. “Ertaga o’ng yoniga olar meni baxt” davomiy kurashlar natijasida, o’ng tomoniga oldi ya’ni o’ng tomoniga o’tdim. Aslida baxt bizni qarshilamaydi, baxt bizni so’l yoniga ham o’ng yoniga ham o’tkazmaydi. Hammasi xohish va harakatimizga, intilish va izlanishimizga bog’liq faqatgina unga eltuvchi yo’lda Allohning sinovlaridan qoqilmasdan, qoqilsa ham chekinmasdan o’tish lozim.
         “G’iyqillab ochilar daraxt eshigi” bu satrlarni qanday tushinish mumkin, nima ekan-a u daraxt eshigi, balki shoira baxtni daraxtga qiyoslayotgandir. Shunday bo’lsa nega endi aynan daraxtga, bunga bir nechta sabablar keltirish mumkin, daraxt qushlar uchun boshpana, inson uchun jaziramada rohatbaxsh makon, mevalari esa barchaga birdek ozuqa manbayi. Misraga ham oydinlik kiritib oldik, “G’iyqillab ochilar daraxt (baxt) eshigi” Qiyinchiliklar va mashaqqatlar evaziga avval so’l keyin o’ng tomoniga o’tgan lirik qahramon endi baxt vodiysiga keldi.
          “Dilimdan ushlaydi shabnamnafaslar” Shabnam tong elchisi, tong belgisi, nafas esa hayot. Baxtga erishish natijasida xuddi hayotning yangi sahifasi ochilgandek. Ko’raylikchi bu fikrlarimizni keyingi satrlar tasdiqlarmikin.
           “Baxt horg’in, judayam horg’in” Bu misralarga sharh sifatida quyidagi fikrlarni aytish mumkin. Kurashlar  natijasida erishilgan baxt ya’ni biz o’ylagan narsaga erishgandan keyin, oldimizga unga qaraganda kattaroq narsani maqsad qilib qo’yamiz va harakatimizni jadallashtiramiz, undan oldin erishganimiz esa yangilik bo’lmay qoladi, natijada bu holat takrori pog’onama-pog’ona orzularimizning rejalari o’zgarib turishi evaziga baxtni quvib yuruvchi lirik qahramonning o’zi tasvirlanayotgandir. Balki teskarisi baxtni shu yo’sinda quvaverib                                              quvaverib uni charchatib qo’ygan bo’lishimiz ham mumkin. Nima bo’lganda ham baxtning nega horg’in ekanini fahmlayotgandaymiz. ”Tikilib qaraydi shovqingullarga” baxtga erishish oson emasligini takror va takror ta’kidlayapmiz. Shovqin + gullar = shovqingullar, shovqin g’alag’ovur, chalkashlik, gullar nafislik, go’zallik va sokinlik degani, nega endi shovqingullar, bunda qanday ma’no bor ekan?
Bir amallab baxtga yetib kelgan lirik qahramonimiz ham bu gullarning shovqinini eshityapti qarang-a, horg’in baxtga esa gullarning shamolda ohista chayqalishi ham shovqin bo’lib eshitilyapti. Odatda juda qattiq toliqqan odamdagina yoki o’ta sergak odamdagina bunday hodisani kuzatishimiz mumkin. So’zimiz yakunida ohorli bolmasada, o’rinli bir gapni ta’kidlashimiz joiz: bir she’rda o’nta tahlil bo’lsa o’n birinchi imkoniyat uchun o’rin ochiq qoladi. Go’zal Begimning baxt haqidagi satrlarini biz shunday tushindik, bu haqda siz nima deya olasiz aziz zamondosh!





                 




Комментариев нет: