20 января 2014

TO’YLAR MUBORAK!

Yusupov Furqat
QDU Qoraqalpoq filologiyasi fakulteti, jurnalistika t'alim yo'nalishi 3-kurs talabasi.
«Yosh jurnalistlar klubi» terneri 
 
 
 
 
 
 
Krishtianu Ronaldu va Irina Sheyk uzoq kutgan kun - nikoh to'yi sanasi ham yetib keldi. To'yxona kazo-kazo mehmonlar bilan liq to'lgan. Martabali mehmonlar orasida butun boshli «Real» a'zolari, shuningdek, Krishtianu bilan «MYU» va «Sporting» klublarida o'ynagan futbolchilar, ser Aleks Fergyusson, Luis Felipe Skolari kabi zamonamizning buyuk murabbiylarini ko'rish mumkin. Bir tomonda model Irina Sheykning mashhurlik bobida futbolchilardan sira qolishmaydigan hamkasblariyu, shou-biznes yulduzlari saf tortib turishibdi: Naomi Kempbell, Nikol Kidman, Britni Spirs, Enrike Iglesais, Anjelina Joli, Bred Pitt... Qo'yingki, moda, kino va estrada olamining eng sara namoyandalari jam bo'lishgan. Qolaversa, bir qator mashhur sportchilar (albatta boshqa turlar bo'yicha), kelin-kuyovning do'stlari, yaqinlari yig'ilishgan. Qisqasi, bazmga 1000 nafardan ziyod martabali mehmonlar taklif etilganining o'zi to'yning naqadar ahamiyatli voqeylik ekanligidan dalolat berib turibdi.
   Nihoyat kelin-kuyov davraga «We are the Champions» taronasi sadolari ostida kirib kelishdi. Mehmonlar futbolga mos ravishda 1-4-4-2 taktik sxemasi bo'yicha joy olishgan. Marosim sababchilarining o'ng tomonida kuyovjo'ralar, chap tomonida ne-ne hurliqo go'zallar. Markaz esa murabbiylar shtabi a'zolari, taniqli san'atkorlar va boshqa sportchilar bilan band. To'yxonaning to'ri tabiiyki, Krishtianu va Irinaning eng yaqin qarindoshlari, qo'ni-qo'shnilariyu, do'stlariga ajratilgan. Sahna ajoyib tarzda bezatilgan. Ya'ni har bir estrada yulduzi maroq bilan kuylashi mumkin. Qarangki, davrakashlik mashhur hakam Xovard Uebb zimmasiga yuklatildi. U marosimni tabrik so'zi bilan ochar ekan, darrov o'z ishini qildi: to'yxonaga shirakayf bo'lib kelgan va to's-to'polon ko'tarayotgan Pepeni qizil kartochka yordamida sahnadan chetlashtirdi. Bu narsa Joze Mourinoga sira yoqmadi, shekilli, u suxandonga qarata ikki qo'lini kishanlangan xolatda ko'rsatdi. Portugaliyalik bu bilan Uebbning qamalib ketishiga sha'ma qildi, go'yo...
   Xerard Pike tabiiyki, to'yga mahbubasi - Shakira hamrohligida kelgan. Ko'p o'tmay kolumbiyalik shaddod xonanda mikrofonni qo'lga olib, «Waka-waka»ni kuylay boshladi. U bu bilan barchani raqsga taklif etganday bo'ldi. Yig'ilganlar xursand, raqs ayni avj pallasida. Biroq Mesut Ozilning g'ashi keldi, chog'i, turkcha lezginkaga buyurtma berib, Nuri Shaxin va Xamit Oltintopga master-klass ko'rsatishga tushdi. Ozilning harakatlaridan ruhlangan Marselo va Kaka brazilcha sambani ko'z-ko'z qilishdi.. Keyin navbat ispanlarga yetib keldi. Iker Kasilyas, Serxio Ramos, Xabi Alonso, Alvaro Arbeloa davrani to'ldirib, ispancha musiqaga yayrab raqs tushishdiki, atrofni chang bosib ketdi. Messi, Pike, Inesta, Runi, Nani, Giggz, Skoulz kabi martabali mehmonlar esa raqqosalar bilan sokin musiqaga hamohang harakatlanishni ma'qul topishdi. Ser Fergi hotamtoy ekan, qistir-qistirni o'z o'rniga qo'ydi. Arsen Venger esa sal qurumsoqroq chiqdi: u raqqosalarga dollar yoki evro emas, balki yapon ienasini qistirdi.
   Britni Spirs qo'shiq kuylay boshlaganida, Karim Benzemaga birdaniga jon kirdi. U o'rnidan turib, hattoki, maydonda bajarmaydigan driblinglarini ko'rsatdi. Bir tomonda salto otayotgan Naniga hech kim parvo qilmadi. Hammaning ko'zi Karimda. Frantsuz hujumchisi individual salohiyatini ishga solib, bir, ikki, uch, to'rt... go'zalning orasidan mohirona o'tdi va Pikening qallig'i Shakira bilan yakkama-yakka yuz foizli xavfli vaziyatga chiqdi. Bu vaqtda Pike ulgurolmay qolgandi, biroq Karim xonandaning belidan endi quchay deganida, suxandon - Xovard Uebb qo'llarini yuqoriga ko'targancha oraga suqildi: hujumchi o'yindan tashqari holatda qolgandi...
   Shundan so'ng navbat Pelega berildi. Futbol qiroli bir-biridan qiziqarli «cho'pchaklar» aytib, yig'ilganlarni rosa kuldirayotgan ediki, Maradonaning asabi buzilib, ichi «qora»lik qilib, sahnaga otildi. Ana endi ko'ring tomoshani. Pele bilan Maradona bexosdan askiya-payrov ayta boshlashdi. mehmonlar ikki yulduzning aytishuvini rosa miriqib tomosha qilishdi-da o'ziyam. Nihoyat sahnaga kelinning hamyurti Maksim taklif etildi. Uning «Moy ray» qo'shig'idan ilhomlangan kelin-kuyov valsga tushishdi. Navbat Enrike Iglesaisga kelgach, ya'ni u qo'shiq kuylay boshlaganida, janjal ko'tarildi. Leo Messining birdaniga 5-6 hurliqo bilan raqs tushayotganini ko'rolmagan Marselo uning ortidan kelib, nogahon oyoqlariga tepdi. Oqibatda Serxio Ramos va Karles Puyol o'rtasida dahanaki jangga asos tug'ildi. Xayriyatki, hammasini kuzatib turgan suxandon janjalni o'z vaqtida bosdi-bosdi qildi. Ingliz hakami qo'riqchilarga ishora qilgan holda ikkinchi marta shunday holat yuzaga kelsa, aybdorlarni to'yxonadan chetlatishini aytdi. Shu kuyi 3-4 daqiqadan so'ng hamma tinchlandi. Marosim yakunlanib borayotgan pallada esa Uebb yana 30 daqiqa qo'shimcha vaqt belgiladi va sahnaga kuyovto'ra Ronaldu hamda mehmon - Messini chorladi. Ular dabdurustdan «Kim kuchli?» degan aytishuvni boshlab yuborishdi. Leo kuyovning hurmatini joyiga qo'yib, «Ronaldu kuchli», - deya kuylaganida, mehmonlar uning jentlmenlik xislatiga qoyil qolib, qarsaklarini ayshmadi.
   Xullas, to'ymisan to'y bo'ldi-da o'ziyam. Nima derdik, biz ham Krishtianu va Irinaga shirin turmush tilaymiz va Joze Mourino ta'kidlaganidek, kelasi yili shu kunlarda beshik to'yini kutib qolamiz. Aytgancha, beshik to'yi translyatsiyasini ham to'g'ridan-to'g'ri olib ko'rsatish, yo'g'e, yozib borishni rejalashtirayapmiz. Hozircha xayr, omon bo'linlar, Azizlar...

P.S: Bu shunchaki fantaziya edi.
 
furqatyusupov.blogspot.com blogidan olindi.

Комментариев нет: